Gladio – Demokratik niqob ortidagi maxfiy armiyalar
NATO soyasida yaratilgan aksilinqilobiy mexanizm va uning Turkiyadagi refleksi
Gladio — bu faqat razvedka emas, bu institut. U oddiy operatsiyalarning ortida emas, butun boshli siyosiy arxitektura ortida yashiringan. Ali Kuzu o‘z kitobida bu tuzilmani "soya davlatchiligi" deb ataydi. Gladio NATO tomonidan Ikkinchi jahon urushidan keyin tashkil etilgan “stay-behind” (orqada qoluvchi) harbiy tizim bo‘lib, Sovet Ittifoqi bosqiniga qarshi yashirin qurolli qarshilik tarmoqlarini shakllantirishni maqsad qilgan edi. Ammo real amaliyotda bu tarmoq ichki siyosiy raqiblarni yo‘q qilish, xalqaro inqilobiy to‘lqinlarga qarshi qarshi harakatlar tashkil etish, fuqarolar orasida vahima tarqatish kabi faoliyatlarga xizmat qilgan.
Gladio operatsiyalari avvalo Italiya, Gretsiya, Germaniya, Belgiya, Fransiya va Turkiyada amalga oshirilgan. Har bir davlatda u boshqa nom ostida yashagan: Italiyada “Gladio”, Germaniyada “TD BND Netzwerke”, Gretsiyada “Sheepskin”, Turkiyada esa “Kontr-Gerilla”.
Turkiyada bu tizim NATO nazorati ostida MİT, Jandarma, va Harbiy razvedka orqali integratsiya qilingan. Aynan shu kuchlar 1970–80-yillarda yuz bergan ko‘cha tartibsizliklari, suiqastlar, portlashlar va so'lchilar bilan millatchilar o‘rtasidagi qonli to‘qnashuvlarni orqa fondan boshqargan.
Ali Kuzu Gladio tizimini Turkiyada ikki shaklda ko‘rsatadi: birinchisi — harbiy infratuzilma (kontr-gerilla, "Ozel Harp Dairesi"), ikkinchisi esa — mafkuraviy infiltratsiya (ideologik muvofiqlik uchun siyosiy partiyalar, media, diniy guruhlar ustidan nazorat).
Italiyada 1980-yilda sodir bo‘lgan Boloniya vokzali portlashi (85 o‘lim) Gladio harakatining eng mashhur timsollaridan biridir. Bu portlash kommunistlar zimmasiga yuklangan, lekin keyinchalik sobiq Gladio xodimlari tomonidan tashkil etilgani isbotlangan. Maqsad: jamiyatni qo‘rquv orqali siyosiy barqarorlikka majburlash.
Turkiyada shunga o‘xshash strategiya Susurluk hodisasi orqali fosh bo‘lgan. 1996-yilda sodir bo‘lgan bu avtohalokatda bir politsiyachi, mafiyachi, MİT agenti va siyosiy rahbarning hamrohlari bir mashinada halok bo‘lishadi. Bu voqea mamlakatda “chuqur davlat” real mavjudot ekanligini isbotlab berdi. Aynan shu nuqtadan boshlab Gladio modeli endi Turkiyada milliy xavfsizlik tushunchasi ichida yashirin boshqaruv mexanizmiga aylangan.
Gladio bilan bog‘liq aksilinqilobiy uslublar boshqa davlatlarda ham mavjud bo‘lgan. AQShda bu “COINTELPRO” (FBI), “Phoenix Program” (CIA, Vyetnam), Isroilda “Mista arvim” (sivil kiyimdagi josuslar) shaklida namoyon bo‘lgan. Rossiyada esa Gladio modeliga yaqin faoliyatni FSB va GRUning “avtonom razvedka bo‘linmalari” olib boradi. Ular ham ommaviy noroziliklarni bostirish, siyosiy muxolifatni yo‘q qilish va fuqarolik jamiyatini ichkaridan parchalashga ixtisoslashgan.
Ushbu tahlilda shuni taʼkidlash lozimki,bu tuzilmalar hech qachon rasmiy hujjatlarda tilga olinmaydi. Ular qonun ostida emas, qonun ustida ishlaydi. Shuning uchun ham Gladio modelidagi tuzilmalar demokratik davlatlarda mavjud bo‘lsa-da, ular totalitar tizimlarga xos yashirin markaziylashtirilgan nazorat usulini amalga oshiradi.
Turkiyada Gladio faqat tarixiy o‘tmish emas. Uning izlari hozir ham mavjud: siyosiy suiqastlar, namoyishlar atrofidagi aniqlanmagan “provokatsiyalar”, muxolifatdagi bo‘linmalar, va ayniqsa ijtimoiy tarmoqlardagi sistematik axborot operatsiyalari bunga dalildir.
Gladio bugun to‘liq harbiy tuzilma sifatida mavjud bo‘lmasligi mumkin, ammo u mafkuraviy mexanizm sifatida razvedka siyosatining tan olinmagan, lekin doimiy ishlatiladigan modeli bo‘lib qolmoqda. Har qanday mustaqil davlat, har qanday uyg‘oq jamiyat — aynan mana shu “ko‘rinmas struktura”ni tan olgan holda o‘z ijtimoiy immunitetini shakllantirishi lozim. Aks holda, siyosiy iroda emas, maxfiy tarmoq hukmronlik qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz🔽
>>Click here to continue<<