Maktab paytlarimda bir inson aytgandi: "Svilizatsiyalarning boshlanishi qaysidir svilizatsiyaning yakuni bo'ladi. Insoniyat qachondir juda yuqori darajalarga erishadi, keyin birdan hammasi qulaydi va tosh davridagidek hayotdan boshlanadi bari".
Bu gap o'sha vaqtda ham, hozir ham biroz kulgulidek tuyulgan menga. Lekin hozir bir kitobni o'qiyotib, beixtiyor o'sha gaplarni esladim. Kitobda muallif ayrim muassasalarni "hali ham qoidalarni daftarga yozib, konspekt qilib yurishar ekan, biz uni texnologiyaga almashtirdik, odamlar endi kompyuter orqali o'rganyapti" deb yozgan. Daftarga yozib, konspekt qilishni eskilik sarqiti, foydasi kam mashg'ulot sifatida baholagandek go'yo.
Bir necha kun avval o'qiganim, tinglaganim va ulashganim — OpenAI kompaniyasi egasi, o'sha biz bilgan ChatGPT ni ishlab chiqqan kompaniya rahbari Sem Altman ma'lumotlarni tahlil qilish, eslab qolish uchun fikrlarini doimo qog'ozga tushirishini, konspekt qilishini aytgan.
Ha, biz rivojlandik. Cho'ntagimizga bloknot, ruchka, qalam, qandaydir kitobchalarning o'rniga ularning barchasini o'zida jamlagan telefonni solib yuramiz. Undan foydalanish qulay, oson. Lekin natijasi-chi?
Ehtimol bizga yengillik va'da qilayotgan texnologiyalar aslida bizni qiyinroq ahvolga solib qo'yar?..
Izlanishga erinamiz yoki vaqtni tejaymiz deb ChatGPT dan referat, maqola yozib berishini so'raymiz. Millionlab yoshlarning orzusi bo'lgan nufuzli unviersitetlarda ta'lim olayotgan talabalar ham vazifalarni sun'iy intellekt orqali yozishga harakat qilmoqda.
Ha, bu hozir oson, ishni yengillashtiradigan, yuklamani kamaytiradigan vosita bo'lib ko'rinadi. Lekin bora-bora inson shaxsiy fikrini yo'qotadi, dunyoqarashi jarga qulaydi.
Shunchaki eslab ko'ring: kichkina va qalin lug'at kitobdan zarur so'zni izlab, uni daftarga yozib, shu orqali yodlagan so'zlaringizning qanchasi esda qolgan? Telefondagi ilovalar orqali osongina "search" qilib tarjimasini birrovga ko'rib olgan so'zlaringizning qanchasini hozir ham bilasiz?
Yozish har doim qiyin, chunki sun'iy intellekt orqali vazifa bajarib yozish ko'nikmasini shakllantira olmaysiz. Yozish uchun ko'proq o'qish kerak. Ba'zan esa o'qish ham kamlik qiladi, o'qiganini anglab yetish ham kerak bo'ladi...
@soliyev
>>Click here to continue<<