Bo‘lishi mumkin, bo‘lmasligi ham mumkin...
"Tashqi ko‘rinish aldamchi bo‘ladi", "kitobning muqovasiga qarab baho berma" kabi gaplarni ko‘p bora eshitganman. Bunday gaplar zamirida haqiqat borligini tushunganman, lekin anchayin yuzaki qarardim.
Yaxshi kiyinib yuradigan, suhbatlarda o‘ziga ishonch bilan gapiradigan odamlarning muammosi yo‘q, jilla qursa moliyaviy ahvoli zo‘r deb o‘ylardim. Aksariyat odamlar ham men kabi fikrlagan bo‘lsa kerak. Lekin aslida avtobusda emas taksida yuradigan, bozordan emas butikdan kiyinadigan, perashkaxonada emas restoranda taomlanadigan odamlarning ham minglab dollar qarzi bo‘lishi mumkin. Ishlari yurishmayotgan, muvaffaqiyatsizliklar girdobiga tushib qolgan bo‘lishi ehtimoli bor. Va aksincha, odmi kiyingan, faqat metroda yuradigan, oddiy yemakxonalarda yoki doimo uyida ovqatlanadigan odam birovdan qarz bo‘lmay, nisbatan xotirjam yashayotgan bo‘lishi mumkin.
Istalgan vaziyatda kayfiyatni ko‘tara oladigan, omadsizlikka uchrasa ham buni kulgu bilan xotirjam qabul qiladigan insonlarning ichida dunyolar qulayotgan bo‘lishi mumkin. Balki unday emasdir, bizga ko‘ringan barchasi rostdir. Lekin ba’zi holatlarda ko‘rganimiz aslida teskarisi bo‘lib chiqadi.
Shuning uchun hech qachon xulosa qilishga shoshilmagan yaxshi. Sudda javobgar obrazida turgan inson aslida jabrdiyda bo‘lishi mumkin.
Shunday qarashlar bilan fikrlasak, butun dunyo ehtimollardan iborat bo‘lib qolarkan. Unday bo‘lishi mumkin, bunday bo‘lmasligi mumkin...
Rost-da, soniyadan keyin nima bo‘lishini bilmasak, ko‘rgan narsamizda ham asl haqiqatni bilishga imkonimiz cheklangan bo‘lsa, "ehtimol" deyishdan boshqa choramiz qolmasligi tabiiy axir. Bandamiz-ku...
@soliyev
>>Click here to continue<<