Ayb kimda?
Bir kishi xotini oldingiday eshitmayotganini payqab qoldi. Bundan tashvishga tushdi, balki, qulogʻiga maxsus eshitish uskunasi taqishi kerakdir degan oʻy ham oʻtdi boshidan. Shunday mulohazalar bilan doʻxtir huzuriga yoʻl oldi. Har holda, mutaxassis bilan maslahatlashgan yaxshi-da.
Uning arzini tinglagan shifokor bir sinov usulini oʻrgatdi:
– Xotiningizdan qirq qadam narida turasiz, odatiy suhbatdagiday tovushda gapirib koʻrasiz. Agar eshitmasa, masofani oʻttiz qadamga qisqartirasiz. Yana boʻlmasa, yigirma qadam. Xullas, sizni eshitguncha yaqinlashaverasiz.
U bu tajribani oʻsha kuni oqshomdayoq qoʻllashga kirishdi. Xotini oshxonada kuymalanib yurganini koʻrgach, qirq odim nariga bordi-da:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz? – dedi.
Javob yoʻq. Odam masofani oʻttiz qadamga qisqartirib, savolini qaytardi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Yana javob yoʻq. Endi yigirma metr masofada turib soʻradi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Nahotki! Yana javob boʻlmadi-ku!
Er oshxona eshigi yaqiniga keldi-da, soʻrovini tagʻin takrorladi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Tavba-tavba! “Nima balo, ayolimning qulogʻi tom bitganmi?!” deb oʻyladi u. Bu safar xotiniga judayam yaqin keldi:
– Onajonisi, bugun kechki ovqatga nima pishiryapsiz?
Va nihoyat shu gal ayoli javob berdi:
– Dadajonisi, beshinchi marta qaytaryapman: osh damlayapman, osh.
Biz koʻpincha muammoni qarshimizdagi kishilardan axtaramiz. Balki, ayb oʻzimizdadir. Buni esa xayolimizga ham keltirmaymiz. Oqil odamning eng ustun jihatlardan biri boshqalarning emas, oʻzining nuqsonlari haqida mushohada yuritishi va ularni toʻgʻrilashidir.
👉 Ibratli hikoyalardan
@oriftolib
>>Click here to continue<<