#reyting
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti “THE Impact Rankings 2025” reytingida Top-1000 talikka kirdi
Bugun nufuzli xalqaro reyting agentligi Times Higher Education (THE) tomonidan “Impact Rankings 2025” natijalari e’lon qilindi.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari mintaqada eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida mutlaq yetakchiga aylandi.
Quvonarlisi, O‘zbekistonning 12 ta oliy ta’lim muassasasi jahonning Top-1000 talik universitetlari ro‘yxatidan o‘rin olgan. Ular orasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti ham bor.
Bu natija kishini xursand qiladi, shu bilan birga, universitet jamoasi zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Xabaringiz bor, universitetda katta o‘zgarishlar boshlangan. Yaqinda Cambridge University Press & Assessment tashkiloti bilan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetini transformatsiya qilish va mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga oid kelishuv imzolandi.
Bundan tashqari, universitetda 2025-2026-o‘quv yilida xorijiy ta’lim dasturlari asosida Aniq fanlar maktabi tashkil etilib, unda Matematika, Axborot texnologiyalari hamda Sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlarida 400 nafar talaba qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu maktabda dars beruvchi professor-o‘qituvchilar tanlab olinib, Kembrij universitetida malaka oshiradi.
Bu harakatlar orqali universitetda ta’lim sifatini kuchaytirish, mahalliy va xalqaro miqyosdagi imijini mustahkamlash maqsad qilingan.
@hilola_umarova
>>Click here to continue<<
