Bugun "PhD," "DSc" unvonlari intellektual mehnat va halollikning ramzi emas, aksincha, korrupsiya, poraxo‘rlik va tanish-bilishning belgisi bo‘lib qoldi. Bu - nafaqat ta’lim tizimiga qilingan haqorat, balki jamiyat kelajagiga nisbatan ochiq xiyonatdir.
Ilmiy maqolalar haqiqiy tadqiqot natijasi emas, shunchaki pullik buyurtmalar asosida yozilmoqda. Dissertatsiyalar esa chuqur tahlil va original fikrlardan iborat emas – ular ko‘chirilgan, plagiat va yolg‘on ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan qog‘ozlar to‘plami xolos. Ilmiy himoyalar bilim va tajriba bilan emas, dollar va tanishlar ko‘magida amalga oshirilmoqda. Ta’limning mohiyati yo‘qoldi, qolgan narsa esa faqat unvon va pul savdosi bo‘lib qoldi.
Bu korrupsiya muhitida qanday innovatsiya yoki haqiqiy taraqqiyot kutish mumkin? Unvonlarni pul bilan sotib olayotgan odamlar jamiyat rivojlanishiga yordam bera olmaydi. Ular vijdonini, iymonini pulga sotmoqda, yoshlarning ongini zaharlashda davom etmoqda.
Jim turishimiz allaqachon mevasini bera boshladi: internetda ko‘rib turibmizki, o‘zbek farzandlari, o‘zbek qizlari, musulmon avlodlari ilm va madaniyat emas, nodonlik, behayolik, ma’naviy tubanlikni namoyish qilmoqda. Bu - sukutning achchiq mevasi, loqaydlikning og‘ir oqibatidir.
Agar bugun ham bu xiyonatga qarshi keskin kurashmasak, ertaga bolalarimiz yuzimizga tupuradi. Xalq, millat va tarix bizni hech qachon kechirmaydi!
© Nurmuhammad Nursaidov
>>Click here to continue<<